"O‘zbekiston respublika valyuta birjasi" AJ O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1991 yil 22 noyabrdagi 297-sonli “O‘zbekiston Respublikasida chet el valyutasini erkin sotib olish va sotishni tashkil etish hamda erkin almashtiriladigan valyuta bilan savdo qilishni kengaytirish choralari haqida" gi qarori va Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 29 fevraldagi 66-f-sonli farmoyishiga muvofiq, respublikaning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishni ta’minlash, ichki va tashqi valyuta bozori kon’yunkturasi o‘zgarishiga tezkor javob qaytarish maqsadida 1992 yil 12 mayda tashkil etilgan.
Birja chet el valyutasi, davlat qimmatli qog‘ozlari, xosilaviy moliyaviy instrumentlarni (derivativlar) sotib olish va sotish va ular bilan bog‘liq boshqa birja operatsiyalari bo‘yicha birja savdolari, shuningdek banklararo pul bozori hamda Markaziy bankning tijorat banklari bilan kredit va depozit auksionlari tashkilotchisi - respublikadagi yagona ko‘p funksiyali birja maydonchasi hisoblanadi.
Birja valyuta bozori va davlat qimmatli qog‘ozlar bozori ishtirokchilari uchun qo‘shimcha savdo imkoniyatlarini ta’minlash maqsadida valyutaviy svop hamda davlat qimmatli qog‘ozlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va dilerlar o‘rtasida RЕPO operatsiyalari kabi instrumentlar ishtirokida birja savdolar mexanizmlarini joriy etdi.
Turli xil bozorlarni bitta savdo maydonchasiga birlashtirilishi Birjaning noyob raqobatdosh ustunligi bo‘lib, birja bozori ishtirokchilariga o‘z investitsiyalarini samarali boshqarish imkoniyatini beradi.
Bundan tashqari, birjaning alohida tarkibiy bo‘linmasi tomonidan post-treyding xizmatlar ko‘rsatilishi mazkur xizmatlarning tezligini va ishonchliligini ta’minlaydi.
Ayni paytda Birja quyidagi yo‘nalishlarda post-treyding xizmatlarini amalga oshiradi: kliring va hisob-kitoblarni amalga oshirish, shuningdek, davlat qimmatli qog‘ozlarini saqlash va ularga bo‘lgan huquqlarni hisobini yuritish.
Birjaning kliring tizimi Birja savdo tizimida tuzilgan bitimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ishga, qayta ishlashga, hisobini yuritishga, shuningdek moliyaviy instrumentlar va savdo ishtirokchilari bo‘yicha moliyaviy instrumentlar pozitsiyalari kliringini amalga oshirishga imkon beradi.
Birja savdolari asosiy faoliyatni xavfsizlikning ishonchli darajasida amalga oshirishga imkon beradigan noyob savdo dasturiy ta’minot tizimlari asosida o‘tkaziladi. Birja tizimlarni doimiy ravishda modernizatsiya qilish hamda moliyaviy instrumentlar savdosini tashkillashtirishning jahon standartlari asosida zamonaviy axborot mahsulotlarini joriy etish bo‘yicha ish olib boradi.