O'zbekiston respublika valyuta birjasi

"O'zbekiston respublika valyuta birjasi" AJ O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1991 yil 22 noyabrdagi 297-sonli “O'zbekiston Respublikasida chet el valyutasini erkin sotib olish va sotishni tashkil etish hamda erkin almashtiriladigan valyuta bilan savdo qilishni kengaytirish choralari haqida" gi qarori va Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 29 fevraldagi 66-f-sonli farmoyishiga muvofiq, respublikaning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishni ta'minlash, ichki va tashqi valyuta bozori kon'yunkturasi o'zgarishiga tezkor javob qaytarish maqsadida 1992 yil 12 mayda tashkil etilgan.

Birja chet el valyutani, davlat qimmatli qog'ozlarini, moliyaviy instrumentlarni (derivativlarni) sotib olish va sotish va ular bilan bog'liq boshqa birja operatsiyalari bo'yicha birja savdolari, shuningdek banklararo pul bozori hamda Markaziy bankning tijorat banklari bilan kredit va depozit auksionlari tashkilotchisi - respublikadagi yagona ko'p funkciyali birja maydonchasi hisoblanadi.

O'zbekistondagi uzoq yillar davomida faoliyat yuritib kelaetgan uyushgan valyuta bozorida chet el valyutasini sotib olish va sotish bo'yicha banklararo savdo sessiyalari, Markaziy bankning valyutaviy svop auksionlari va dilerlar o'rtasida svop operatsiyalari o'tkaziladi.

Pul bozori tijorat banklarining qisqa muddatli pul mablag'larini jalb qilish va joylashtirish bo'yicha banklararo pul bozori, shuningdek Markaziy bankning depozit auksionlaridan tashkil topgan.

Davlat qimmatli qog'ozlari bozorida O'zbekiston Respublikasining g'aznachilik majburiyatlari va obligatsiyalarini, shuningdek Markaziy bankining obligatsiyalarini muomalaga chiqarish va joylashtirish amalga oshiriladi. Mazkur bozorda shuningdek to'g'ridan-to'g'ri REPO auksionlari hamda dilerlar o'rtasidagi REPO operatsiyalar o'tkaziladi.