O'zbekiston respublika valyuta birjasida (O'zRVB) elektron savdo-depozitar platformasi joriy etilgan bo'lib, mazkur platforma orqali davlat qimmatli qog'ozlarining dastlabki joylashtirilishi va muomalasini tashkil etish va amalga oshirish, tuzilgan bitimlar bo'yicha operatsiyalar kliringini va hisob-kitobini o'tkazish, shuningdek, davlat qimmatli qog'ozlariga bo'lgan huquqlarni saqlash va hisobga olish amalga oshiriladi.
O'zbekiston Respublikasining davlat qimmatli qog'ozlari (DQQ) tarkibiga quyidagilar kiradi:
- O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan hujjatsiz shaklda chiqarilgan va tijorat banklari, shuningdek boshqa yuridik shahslar - O'zbekiston Respublikasi rezidentlari o'rtasida joylashtiriladigan kuponli va diskontli g'aznachilik majburiyatlari va obligatsiyalari;
- hujjatsiz shaklda chiqarilgan va tijorat banklari o'rtasida joylashtiriladigan O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki obligatsiyalari.
DQQni joylashtirish oddiy auksion shaklida o'tkaziladi.
DQQ muomalasi auksion savdolarida uzluksiz ikki tomonlama auksion uslubida amalga oshiriladi.
Davlat qimmatli qog'ozlari savdolarini tashkil etish va o'tkazish "O'zRVBda davlat qimmatli qog'ozlari bilan savdolar o'tkazish qoidalari" va "O'zRVBda O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining obligatsiyalari bilan savdolar o'tkazish qoidalari" bilan tartibga solinadi.
DQQ muomalasi bo'yicha barcha operatsiyalar Markaziy bank va O'zRVB bilan tuzilgan bitimlar asosida operatsiyalarni o'tkazishga vakolatli dilerlar orqali amalga oshiriladi.
Davlat qimmatli qog'ozlari bozori ishtirokchilari uchun qo'shimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida O'zRVBda "O'zRVBda O'zbekiston Respublikasining davlat qimmatli qog'ozlari bilan REPO operatsiyalarini tuzish va amalga oshirish qoidalari"ga muvofiq amalga oshiriladigan to'g'ridan-to'g'ri va dilerlar o'rtasida REPO bitimlarni tuzish mehanizmlari joriy etilgan.