OʻzRVB respublikaning yagona va uzoq yillar davomida faoliyat yuritib kelayotgan valyuta bozori boʻlib, milliy valyuta bilan operatsiyalar uchun likvidlik markazi sifatida Markaziy bankning pul-kredit siyosatini samarali amalga oshirish uchun savdo maydonchasi boʻlib xizmat qiladi. Spot valyuta bozorining umumiy hajmida birja yuqori ulushga ega.
OʻzRVBning yagona savdo va post-treyding tizimi bozor ishtirokchilariga savdo, kliring va hisob-kitob xizmatlarini koʻrsatgan holda, chet el valyutasini sotib olish va sotish boʻyicha operatsiyalarni amalga oshirish va savdolar toʻgʻrisida maʼlumot olish uchun teng imkoniyatlarni taqdim etadi.
Hozirgi vaqtda OʻzRVB savdo tizimi orqali “Oʻzbekiston respublika valyuta birjasining chet el valyutasi oldi-sotdisi boʻyicha birja savdolari qoidalari”ga muvofiq chet el valyutasi oldi-sotdisi boʻyicha birja savdolari, shuningdek “OʻzRVBda valyutaviy svop operatsiyalarini oʻtkazish qoidalari”ga muvofiq valyutaviy svop operatsiyalari oʻtkazib kelinmoqda.