Clearstream sammiti: O'zbekiston moliya bozori rivojlanishining yangi yo'nalishlari

“O'zbekiston respublika valyuta birjasi" AJ (O'zRVB) Bosh direktori Rashid Usmanov Sofiya shahrida (Bolgariya) bo‘lib o‘tgan Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlari, shuningdek MDH mamlakatlari uchun Clearstream Banking S.A. (Clearstream) kompaniyasining 17-sammitida ishtirok etdi.

Sammitning asosiy mavzularidan biri – moliya sektorini raqamlashtirish va ma'lumotlarni qayta ishlash bo'yicha еchimlarni, xususan, post-treyding sohada joriy etish masalasi bo‘ldi.

Ushbu nufuzli anjumanga taklif etilgan xorijiy ekspertlar Clearstream kompaniyasining qimmatli qog'ozlar bozoridagi еchimlari, likvidlik va kreditlar ta’minoti masalalari, investitsiya fondlarini va depozitar faoliyatni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuvlar davomida xalqaro qimmatli qog'ozlar bozorlarida hisob-kitoblar infratuzilmasini tashkil qilish, mazkur bozorda investorlarga xizmat ko'rsatish va hisob-kitoblarning ilg'or mexanizmlaridan foydalanish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

O'zRVBning Clearstream sammitida ishtirok etishi Clearstream va O'zRVB o'rtasida hamkorlik aloqalarni o'rnatish, kompaniyaning xorijiy investorlar nomidan O'zRVB bozorlaridagi ishtiroki yuzasidan hamkorlikni yanada rivojlantirish, xalqaro o'zaro hisob-kitoblarning samarali tizimini tashkil qilish va bu borada zarur shart-sharoitlarni yaratishda muhim qadam bo'ldi.

Clearstream post-treyding xizmatlarning global provayderi hisoblanib, o‘z faoliyati doirasida depozitar, hisob-kitob, shuningdek qimmatli qog'ozlarni global moliyalashtirish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatib keladi.

O‘zRVB - respublikaning eng yirik va ko‘p funksiyali birja platformasi,  savdo maydonlari, hisob-kitob va kliring tizimi hamda depozitariyni o‘z ichiga olgan noyob integratsiyalashgan tizim bo‘lib, valyuta, pul va muddatli bozorlarda, shuningdek, davlat qimmatli qog‘ozlari bozorida birja savdolari tashkilotchisi hisoblanadi.

1-ph-2.jpg

1-ph-3.jpg