“Freedom Finance” investitsiya kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv boʼlib oʼtdi

2021-yil 19-may kuni O‘zbekiston respublika valyuta birjasida (O'zRVB) “Freedom Finance” AJ boshqaruv raisi Lukyanov Sergey Nikolayevich boshchiligida “Freedom Finance” investitsiya kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda “Freedom Finance” kompaniyasi delegatsiyasi tarkibida “Bank Freedom Finance Kazakhstan” AJ boshqaruvchi direktori - Agdavletov Timur Serikovich, “Freedom Finance Life” hayot sug‘urta kompaniyasi” AJ boshqaruvchi direktori, “Freedom Finance” AJ G‘aznachilik departamenti direktori o‘rinbosari - Popov Roman Leonidovich, “Freedom Finance” MCHJ XK bosh direktori - Babayev Baxtiyor Babanovich, “Freedom Finance” MCHJ XK ijrochi direktori - Mojeyko Yevgeniy Vasilyevich ham ishtirok etdilar.

Tomonlar bugungi kundagi faoliyat va o‘rta muddatli strategik rejalarning qisqacha muhokamasidan so‘ng, o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqdilar.

Uchrashuv davomida qimmatli qog‘ozlar bozorini yana-da rivojlantirish, yangi birja instrumentlarini joriy etish orqali O‘zRVB birja mahsulotlari qatorini kengaytirish bo‘yicha fikr almashilib, “Freedom Finance” kompaniyasi O‘zRVBning barcha bozorlarida ishtirok etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

O‘zRVB rahbariyati tomonidan, savdo hajmlarini oshirish va birja mahsulotlari qatorini kengaytirish maqsadida, ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga va kompaniyaning O‘zRVB bozorlarida faoliyatini rivojlantirish uchun ko‘maklashishga tayyor ekanligi maʼlum qilindi.

Uchrashuv ishtirokichlari “Freedom Finance” kompaniyasining O‘zRVB bozorlarida faollashishi mahalliy birja bozorining rivojlanishiga qo‘shimcha dinamika berishini taʼkidladilar.

Tomonlar O‘zbekiston Respublikasining kapital bozorini rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirishni davom ettirishga kelishib oldilar.