Fyuchers operatsiyalarini joriy etish mavzusida onlayn oʼquv mashgʼuloti oʼtkazildi

Bugungi kunda, Oʼzbekiston respublika valyuta birjasi (OʼzRVB) Rivojlanish strategiyasi hamda Oʼzbekiston Respublikasi kapital bozorini 2023-yilgacha moʼljallangan rivojlanitirish strategiyasi doirasida hosilaviy moliya instrumentlari bilan savdolarni joriy etish borasida jadal ravishda tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.

Mazkur tadbirlar doirasida OʼzRVB savdo tizimida chet el valyutalari hamda davlat qimmatli qogʼozlariga nisbatan fyuchers operatsiyalarini joriy etish belgilangan.

Savdo ishtirokchilarning yangi va zamonaviy birja instrumentlariga nisbatan ortib borayotgan qiziqishlarini inobatga olgan holda, shu bilan birga, hosilaviy moliya instrumentlari savdolarida muvaffaqiyatli ishtirok etishlari uchun ularning moliyaviy savodxonligini oshirish maqsadida Zoom platformasi orqali onlayn vebinarlar tashkil qilish koʼzda tutilgan.

Shu munosabat bilan, bank-moliya sohasi vakillari uchun 2021-yil 9-iyun kuni OʼzRVBning malakali xodimlari tomonidan “Fyuchers operatsiyalari bozorining asosiy tushunchalari va ular boʼyicha hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibi" mavzusida onlayn oʼquv mashgʼuloti oʼtkazildi.

Mashgʼulot davomida fyuchers shartnomalari bozori shakllanishi va rivojlanishi masalalari, fyucherslarning oʼziga hos jihatlari, fyuchers bitimlarida markaziy kontragentning roli hamda mazkur instrumentning asosiy afzalliklari va kamchiliklari muhokama qilindi.

Tadbir soʼngida, tashkilotchilar fyuchers shartnomalari bozorini tashkil etish bilan bogʼliq savollarga batafsil javob berdilar.

Shu bilan birga, navbatdagi oʼquv mashgʼuloti REPO operatsiyalari va ularning hususiyatlariga bagʼishlanishi belgilandi.

Kelgusi tadbir Oʼzbekiston Respublikasi kapital bozori, hususan OʼzRVB davlat qimmatli qogʼozlari bozorining faol ishtirokchisi, “Freedom Finance” investitsiya kompaniyasi mutaxassislari bilan hamkorlikda oʼtkazilishi maʼlum qilindi.