O‘zRVB auksionlarida davlat obligatsiyalari birlamchi dilerlar o‘rtasida joylashtirildi

Avval xabar qilinganidek, 2022 yil 3-4 noyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan II xalqaro iqtisodiy forum davomida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy bank va 9 tijorat banki o‘rtasida davlat qimmatli qog‘ozlari bozorida birlamchi dilerlik vazifalarini bajarish bo‘yicha shartnomalar imzolangan edi. Shartnoma imzolagan banklar qatoriga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, Ipoteka-bank, Xalq banki, O‘zsanoatqurilishbank, Qishloq qurilish banki, Asaka bank, Turonbank, shuningdek Asia Alliance bank va Ipak Yo‘li banki kirdi.

Tuzilgan shartnomalar doirasida 2022 yil 29 noyabr kuni O‘zbekiston respublika valyuta birjasi (O‘zRVB) savdo platformasida yuqorida qayd etilgan birlamchi dilerlar o‘rtasida davlat qimmatli qog‘ozlarini (DQQ) joylashtirish bo‘yicha birinchi auksion savdolari bo‘lib o‘tdi. Auksionlarda joylashtirilgan DQQ soni 560 ming donani tashkil etdi.

Shuni ham ta’kidlash joizki, tuzilgan shartnomada birlamchi dilerlar uchun Moliya vazirligi tomonidan birlamchi savdolarda joylashtiriladigan DQQni sotib olishning minimal miqdori belgilanishi bilan birga, birlamchi dilerlarning ikkilamchi bozorda likvidlikni saqlash bo‘yicha majburiyatlari, shuningdek ularning faoliyatini rag‘batlantirish shartlari ko‘rsatib o‘tilgan.

DQQ bozorida birlamchi dilerlarning faoliyati, shubhasiz, ikkilamchi bozorni yanada rivojlanishiga, daromadlilik egri chizig‘i shakllanishiga, va bu orqali bozor ishtirokchilar soni oshishiga hamda xorijiy investorlarni jalb qilishga ko‘maklashadi.

O‘zRVB davlat obligatsiyalari bozorida barcha xizmatlarni, shu jumladan zamonaviy platformalarda qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish va muomalaga chiqarishni tashkil etish, hisob-kitob, kliring va depozitar xizmatlarni taqdim etadi, bu esa bozor ishtirokchilari uchun qo‘shimcha savdo strategiyalarini yaratadi.

Avvalroq, O‘zRVBning birlamchi savdolarida xorijiy investor tomonidan davlat qimmatli qog‘ozlarini sotib olish bo‘yicha ilk bitimlar tuzilgan edi.

O‘zRVB - respublikaning eng yirik va ko‘p funksiyali birja platformasi,  savdo maydonlari, hisob-kitob va kliring tizimi hamda depozitariyni o‘z ichiga olgan noyob integratsiyalashgan tizim bo‘lib, valyuta, pul va muddatli bozorlarda, shuningdek, davlat qimmatli qog‘ozlari bozorida birja savdolari tashkilotchisi hisoblanadi.