O‘zRVB valyuta fyucherslari bozorida market-meykerlar faoliyati tashkil etildi

2022 yil 1 dekabrdan boshlab "Kapitalbank" ATB va "Ipak Yo‘li" AIKB USD/UZS_MG instrumenti bo‘yicha valyuta fyucherslari bozorida market-meyker maqomiga ega bo‘ldilar.

Ta’kidlash joizki, O‘zRVB valyuta bozorida market-meykerlik faoliyati 2021 yil 4 oktabrda bozor tamoyillariga muvofiq joriy qilingan bo‘lib, market-meykerlar majburiyatlari va ularni mukofotlash tartibini belgilovchi tegishli market-meykerlik dasturlari ham tasdiqlangan.

Market-meykerlar majburiyatlari qatoriga bozorda kunlik uzluksiz likvidlikni ta’minlash, savdolar davomida ma’lum miqdordagi fyuchers shartnomalarini sotib olish va sotish bo‘yicha ikki tomonlama kotirovkalarning minimal belgilangan umumiy miqdorini saqlash kiradi va bu bozor "ko‘lamini" (market depth) oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, market-meykerlar faoliyati bitimlar hajmi va ko‘lami oshishiga, valyuta kursi asosida bozor indikatorlari shakllanishida tijorat banklarining yanada faollashishiga ko‘maklashadi.

Avvalroq, 2022 yil 3 oktabrda O‘zRVBning "Rhombus derivatives" xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqilgan in-house savdo platformasida valyuta fyuchers shartnomalari bo‘yicha savdolar boshlanganligi va 2022 yil 1 noyabrda ushbu yangi instrument bo‘yicha ilk bitimlar tuzilganligi e’lon qilingan edi.

O‘zRVB - respublikaning eng yirik va ko‘p funksiyali birja platformasi,  savdo maydonlari, hisob-kitob va kliring tizimi hamda depozitariyni o‘z ichiga olgan noyob integratsiyalashgan tizim bo‘lib, valyuta, pul va muddatli bozorlarda, shuningdek, davlat qimmatli qog‘ozlari bozorida birja savdolari tashkilotchisi hisoblanadi.