O‘zRVBda Osiyo taraqqiyot banki vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

2022 yil 17 noyabr kuni “O‘zbekiston respublika valyuta birjasi” AJ (O‘zRVB)da  Osiyo taraqqiyot banki (OTB) vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda OTB tomonidan Barqaror rivojlanish va iqlim o‘zgarishi departamenti  moliya sektori mutaxassisi - Yunxi Kim xonim, Iqtisodiy tahlil va hududiy hamkorlik  departamenti maslahatchisi - janob Satoru Yamadera hamda maslahatchi Pil-Kyu Kim janoblari qatnashdilar.

Uchrashuv davomida OTB vakillari Osiyodagi yetakchi mamlakatlarning davlat qimmatli qog‘ozlari (DQQ) bozoridagi modellari, hisob-kitoblar amalga oshirilishi va xorijiy investorlar qatnashishi mexanizmi to‘g‘risidagi tajriba bilan o‘rtoqlashdidar.

O‘z navbatida, O‘zRVB Bosh direktori Rashid Usmanov bugungi kundagi O‘zRVB faoliyati, in-house dasturiy ta’minotlari, ularning faoliyati, shuningdek, xorijiy investorlar uchun DQQ bozorida yaratilgan sharoitlar hamda kelgusida rejalashtirilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tdi.

Shu bilan birga, OTB vakillari O‘zRVB tomonidan ishlab chiqilgan DQQ bozorida masofaviy tarzda savdolarni amalga oshirish imkonini beruvchi mobil ilova bilan tanishib, unga yuqori baho berdilar hamda mazkur dasturiy mahsulotni kelgusida yanada takomillashtirish bo‘yicha fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar.

Shuningdek, tomonlar O‘zbekiston kapital bozori infratuzilmasi vakillari o‘rtasida o‘zaro aloqalar o‘rnatilishining eng maqbul shakllari, buning uchun yaratilayotgan sharoitlar va amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni muhokama qildilar.

Uchrashuv yakunida, OTB vakillari O‘zRVB tomonidan bugungi kunda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, jumladan DQQ bozorida norezidentlar uchun qulay sharoitlar yaratish borasidagi xarakatlarini qo‘llab-quvvatlab, bu yunalishda texnik yordam doirasida hamkorlikda ishlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

O‘zRVB - respublikaning eng yirik va ko‘p funksiyali birja platformasi,  savdo maydonlari, hisob-kitob va kliring tizimi hamda depozitariyni o‘z ichiga olgan noyob integratsiyalashgan tizim bo‘lib, valyuta, pul va muddatli bozorlarda, shuningdek, davlat qimmatli qog‘ozlari bozorida birja savdolari tashkilotchisi hisoblanadi.

 

4.png41.png

42.png