Clearstream va O‘zRVB qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish sohasida hamkorlik qilishga kelishishdi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida “O‘zbekiston respublika valyuta birjasi” AJ Bosh direktori ishtirokida Clearstream Banking S.A (Clearstream) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Clearstream tomonidan Global bozorlar boshqarmasi rahbari janob Yan Villems, savdolar bo‘yicha menejer Ugnius Slavinskas va hamkorlik bo‘yicha menejer Muxammadjon Ikromov ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida Clearstream vakillari xalqaro qimmatli qog‘ozlar bozorlarida hisob-kitob infratuzilmasini yaratish, ushbu bozorda investorlarga xizmat ko‘rsatish va ilg‘or hisob-kitob mexanizmlaridan foydalanish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan bo‘lishdi.

Tomonlar Clearstream va O‘zRVB o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning maqbul shakllarini, shu jumladan kompaniyaning xorijiy investorlar nomidan O‘zRVB bozorlarida ishtirok etishi, SWIFT tizimi orqali xalqaro hisob-kitoblarning samarali tizimini yo‘lga qo‘yish, buning uchun tegishli shart-sharoitlarni yaratish va kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlarni muhokama qildilar.

Uchrashuv yakunida Clearstream vakillari O‘zRVB tomonidan respublika kapital bozori infratuzilmasini takomillashtirish hamda norezidentlarning O‘zRVB bozorlarida ishtirok etishlari uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlab, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Ma’lumot uchun:

Clearstream xalqaro miqyosda post-savdo xizmatlarini taqdim etuvchi tashkilot hisoblanadi. Ushbu kompaniyaga muntazam ravishda AA kredit reytingi berilib, kompaniya tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar qatoriga depozitariy va hisob-kitob xizmatlari, shuningdek, qimmatli qog‘ozlar orqali moliyalashtirish kiradi.

Kompaniyada saqlanadigan aktivlar miqdori 16,7 trln. yevroni tashkil etib, har kuni 250 mingdan ortiq hisob-kitob operatsiyalari amalga oshiriladi. Kompaniya 110 ta mamlakatda 2,5 mingdan ortiq mijozlarga xizmat ko‘rsatadi.

O‘zRVB - respublikaning eng yirik va ko‘p funksiyali birja platformasi,  savdo maydonlari, hisob-kitob va kliring tizimi hamda depozitariyni o‘z ichiga olgan noyob integratsiyalashgan tizim bo‘lib, valyuta, pul va muddatli bozorlarda, shuningdek, davlat qimmatli qog‘ozlari bozorida birja savdolari tashkilotchisi hisoblanadi.