“O‘zbekiston respublika valyuta birjasi” AJ vakillari Toshkent Moliya institutida tashkil etilgan “Karyera kuni” mehnat yarmarkasida ishtirok etdi.
Ushbu tadbir ko‘plab ta'lim muassasalarida talabalar va yosh mutaxassislarga kasb tanlashda, ishga joylashishda yoki amaliyot o‘tashda ko‘maklashish, shuningdek, turli sohalar vakillaridan kerakli maslahatlar olish maqsadida o‘tkaziladi.
O‘zRVB o‘z faoliyatini moliya sohasida amalga oshirmoqchi bo‘lgan yoshlar uchun ulkan salohiyatga ega O‘zbekiston moliya bozorining muhim ishtirokchisidir. Mazkur tadbirda ishtirok etish kompaniyaga yosh, iqtidorli nomzodlarni ishga jalb qilish va o‘zini jozibali ish beruvchi sifatida ko‘rsatish imkonini beradi.
O‘zRVB stendi ko‘plab yoshlarda qiziqish uyg‘otdi. Tadbir davomida O‘zRVB vakillari talaba va bitiruvchilarga tashkilot faoliyati, mavjud yo‘nalishlar, shuningdek, birja sohasida ishlash uchun zarur bo‘lgan ko‘nikma va bilimlar haqida so‘zlab berdi.
Bundan tashqari, O‘zRVB mutaxassislari savdolar o‘tkazilishi, instrumentlar turlari, nimalar asosida birja bozori tahlili amalga oshirilishi va qarorlar qabul qilinishi, shuningdek tashkilot qanday xizmat turlari ko‘rsatishi haqida batafsil ma'lumot berdilar.
Bu talabalar va yosh mutaxassislarga o‘z qiziqishlari va tanlovlarini aniqlashga, shuningdek o‘zlari uchun eng mos kasbni tanlashga yordam beradi.
Tadbir davomida 30 nafarga yaqin talaba va bitiruvchilar o‘z faoliyatini O‘zRVB bilan bog‘lash istagini bildirdi va rezyumelarini taqdim etdi.
O‘zRVBning “Karьera kuni” yarmarkasida ishtirok etishi yosh, iqtidorli kadrlarni jalb qilish va tashkilotning kadrlar zaxirasini shakllantirishda muhim qadam hisoblanadi.