Xalqaro LEI kodi (Legal Entity Identifier - yuridik shaxsni identifikatsiyalashning xalqaro kodi) - bu ISO 17442 xalqaro standartiga muvofiq yuridik shaxsga beriladigan va moliyaviy operatsiyalarda ishtirok etadigan yuridik shaxslarni aniq identifikatsiyalash imkoniyatini beruvchi ma’lumotlar asosida yaratilgan noyob kod (identifikator) hisoblanadi.
Ma’lumot uchun. LEI kodi - 2014 yilda Moliyaviy barqarorlik kengashi (Financial Stability Board) tomonidan tashkil etilgan va asosiy faoliyati yuridik shaxslarni identifikatsiyalash tizimini yaratish va xalqaro miqyosda kodlarni tayinlashdan iborat bo‘lgan Global Legal Entity Identifier Foundation (GLEIF) tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi va hisobga olinadi. GLEIF talablariga muvofiq, LEI kodi yuridik shaxslarni identifikatsiyalash global tizimidagi ma’lumotlarning to‘g‘riligini tasdiqlash uchun har yili yangilanishi lozim.
Bugungi kunda mazkur kod xalqaro moliya bozorlari ishtirokchilari bo‘lgan tashkilotlar tomonidan tuzilgan moliyaviy bitimlar, shu jumladan “Mijozingni bil” (KYC) protsedurasi bo‘yicha o‘z kontragentlarini aniqlash va ular bilan tuzilgan bitimlar bo‘yicha hisobotlarni almashish uchun keng qo‘llaniladi.
Ta’kidlash joizki, O‘zRVBni rivojlantirish strategiyasiga muvofiq davlat qimmatli qog‘ozlari bozorini (DQQ), shu jumladan bozorga yirik xorijiy investorlarni jalb qilish orqali yanada rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Ushbu maqsadda pul mablag‘lari va DQQ bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirishda, shuningdek tegishli hisobotlarni taqdim etgan holda xabar almashishda DQQ bozorining xorijiy ishtirokchilari bilan o‘zaro munosabatlarni o‘rnatish zarurati vujudga kelmoqda.
Shuningdek, O‘zRVB tomonidan xalqaro LEI kodini olish Xalqaro banklararo axborot uzatish va to‘lovlarni amalga oshirish tizimida (SWIFT) ro‘yxatdan o‘tish hamda SWIFT kodini olish jarayonining oraliq bosqichi hisoblanadi.
O‘zRVB - respublikaning eng yirik va ko‘p funksiyali birja platformasi, savdo maydonlari, hisob-kitob va kliring tizimi hamda depozitariyni o‘z ichiga olgan noyob integratsiyalashgan tizim bo‘lib, valyuta, pul va muddatli bozorlarda, shuningdek, davlat qimmatli qog‘ozlari bozorida birja savdolari tashkilotchisi hisoblanadi.