Valyuta kurslari:
O‘zRVBda ochilish auksioni kursi:
1 USD = UZS ()
29.12.2025
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va O‘zRVB tomonidan yosh kitobxonlar uchun ma’rifiy tadbir o‘tkazildi
Respublika bolalar kutubxonasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki O‘zbekiston respublika valyuta birjasi (O‘zRVB) bilan hamkorlikda bolalar uchun ma’rifiy-ko‘ngilochar tadbir o‘tkazdi.
Tadbir 50 nafarga yaqin bolani birlashtirdi va o‘qish, o‘yin hamda ijodiy faoliyat elementlarini o‘z ichiga olgan interaktiv shaklda o‘tkazildi. Uchrashuvning asosiy maqsadi bolalarda kitob o‘qishga qiziqish uyg‘otish va moliyaviy savodxonlikning asosiy tamoyillarini tushunarli hamda qiziqarli usulda shakllantirish edi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar turli o‘yinlarda qatnashib, munozaralarda faol va o‘zaro hamkorlikda ishtirok etdilar. Tadbirning eng muhim qismlaridan biri "Sehrli birja haqidagi ertak" nomli kitob-bo‘yoq taqdimoti bo‘ldi. Ushbu taqdimot chog‘ida bolalar ertak qahramonlari va undagi voqealar rivoji bilan tanishib, ijodiy muhokamalarda qatnashdilar.
Tadbirning interaktiv uslubda o‘tkazilishi iliq va do‘stona muhitni yaratish imkonini berdi, bu esa bolalarga nafaqat yangi bilimlarga ega bo‘lishlari, balki dunyoqarashlarini kengaytirib, muloqot ko‘nikmalari hamda jamoada ishlash mahoratlarini rivojlantirishga ko‘maklashdi.
Tadbir yakunida har bir bolaga uylarida hikoya davomi bilan tanishish uchun "Sehrli birja haqidagi ertak" kitobchasi sovg‘a qilindi. Shuningdek, eng faol ishtirokchilarga bolalar uchun mo‘ljallangan moliyaviy savodxonlikka oid qiziqarli o‘yin ham taqdim etildi.
Bu kabi tashabbuslarni kelgusida ham davom ettirish rejalashtirilgan. Oldinda bolalarni yangi uchrashuvlar, tadbirlar va ta’lim loyihalari kutmoqda.





