Valyuta kurslari:

O‘zRVBda ochilish auksioni kursi:

1 USD = UZS ()


13.04.2026

O‘zRVBda UDEA talabalari bilan UZCE trading lab tadbiri o‘tkazildi

O‘zbekiston respublika valyuta birjasi (O‘zRVB)da UZCE trading lab ta’lim loyihasi bo‘yicha tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir talabalarning moliyaviy savodxonligini oshirish va ularni moliya bozorlari faoliyatining amaliy jihatlari bilan tanishtirishga qaratildi. Tadbirda Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universiteti (UDEA) turli bosqichlarida tahsil olayotgan talabalar ishtirok etdi.Tadbirni ochib berar ekan, O‘zRVB Ta’lim markazi boshlig‘i Biloliddin Isroilov yoshlarni moliya tizimi va birja infratuzilmasini o‘rganishga jalb etishning muhimligini qayd etdi. Shuningdek, u bunday uchrashuvlar talabalarda amaliy bilim va kasbiy yo‘nalishlarni shakllantirishda katta ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi.

Dasturning asosiy qismida O‘zRVB Bosh makleri Adham Asqarovning taqdimoti o‘rin oldi. U o‘z chiqishida birja faoliyati, uning mamlakat moliya tizimidagi o‘rni, savdolarni o‘tkazish mexanizmlari hamda turli bozorlarning faoliyat yuritish xususiyatlari haqida batafsil so‘zlab berdi. Birja savdosi tamoyillari, bozor ishtirokchilari va operatsiyalarda qo‘llaniladigan vositalarga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, moliya sektorini rivojlantirish va birja infratuzilmasining umuman iqtisodiyot uchun ahamiyati masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Taqdimotning asosiy qismidan so‘ng savol-javoblar sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda talabalar birja mutaxassisi bilan bevosita muloqot qilib, birja faoliyatining amaliy jihatlari bo‘yicha tushuntirishlar olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Tinglovchilarning jonli qiziqishi va muhokamadagi faol ishtiroki talabalarning moliya va investitsiyalar mavzusiga nechog‘li qiziqishini yaqqol namoyon etdi.

Tadbirning keyingi qismi interaktiv shaklda o‘tdi. Qisqa tanaffusdan so‘ng ishtirokchilar uchun moliyaviy mavzuda kviz tashkil etildi. Unda talabalar iqtisodiyot va moliya sohasidagi boshlang‘ich hamda chuqur bilimlarga oid savollarga javob berib, o‘zlarining puxta tayyorgarligi va mantiqiy fikrlashini namoyon etdilar. O‘yin do‘stona va jonli muhitda o‘tkazilib, ishtirokchilarning bilimlarini mustahkamlash bilan birga, moliyaviy sohaga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirdi.

O‘zRVB talabalar o‘rtasida moliya tizimi haqidagi bilimlarni ommalashtirishga qaratilgan ta’lim dasturlarini amalga oshirishda davom etadi.

Yangiliklarni baham ko'ring

Matbuot markazining aloqalari

Butun matnni nusxalash