Valyuta kurslari:
O‘zRVBda ochilish auksioni kursi:
1 USD = UZS ()
29.04.2026
O‘zRVB “Job Fair-2026” tadbirida: moliya sohasida karyera shu yerdan boshlanadi
O‘zbekiston Respublika valyuta birjasi (O‘zRVB) Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universitetida tashkil etilgan «Job Fair–2026» mehnat yarmarkasida ishtirok etdi. Mazkur tadbir kasbiy o‘sish va muvaffaqiyatli karyera qurishga intilayotgan talabalarni hamda mamlakatning yetakchi ish beruvchilarini birlashtirdi.
Yarmarkaning asosiy e’tibori amaliy yo‘nalishga qaratildi: talabalar va ish beruvchilar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, bo‘lajak mutaxassislarni zamonaviy mehnat bozori talablariga moslashtirishdan iborat bo‘ldi. Tadbir ishtirokchilari moliya, bank sohasi, sug‘urta, biznesni boshqarish va boshqa qator yo‘nalishlardagi mavjud imkoniyatlar bilan tanishdilar.
Ishtirokchilar qatorida tijorat banklari, yirik kompaniyalar, sug‘urta va transport tashkilotlari, shuningdek HR-tuzilmalari ham o‘rin oldi.
O‘zRVB stendi talabalar e’tiborini jalb etgan asosiy maydonchalardan biri bo‘ldi. Ushbu qiziqish, bir tomondan, birjaning mamlakat moliyaviy infratuzilmasidagi strategik ahamiyati haqida batafsil ma’lumot olish, ikkinchi tomondan mazkur sohadagi kasbiy rivojlanish va karyera yo‘nalishlari haqida aniq tasavvurga ega bo‘lish imkoniyati bilan ham izohlanadi.
Birja vakillari O‘zRVBning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, ish sharoitlari, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari va amaliyot dasturlari yuzasidan atroflicha ma’lumot berdilar. Bunda yosh mutaxassislarni moliya bozoridagi amaliy jarayonlarga faol jalb etish va ularning kasbiy o‘sishini qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida urg‘u berildi.
«Job Fair-2026» yarmarkasida ishtirok etish O‘zRVBning istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirish va yosh avlodning moliya bozori sohasiga qiziqishini kuchaytirish bo‘yicha olib borilayotgan maqsadli va tizimli faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri sanaladi.





