Valyuta kurslari:

O‘zRVBda ochilish auksioni kursi:

1 USD = UZS ()


15.05.2026

O‘zRVB vakillari “IFN Uzbekistan Forum 2026” xalqaro forumida ishtirok etdi

O‘zbekiston respublika valyuta birjasi vakillari O‘zbekiston banklari assotsiatsiyasi hamda dunyo bo‘ylab islomiy moliya sohasida media xizmatlar ko‘rsatishga ixtisoslashgan RedMoney Group kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan “IFN Uzbekistan Forum 2026” xalqaro forumida ishtirok etdilar.
Bugungi kunda islom moliyasi jahon moliya tizimining eng jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Ko‘plab mamlakatlarda islomiy moliyaviy instrumentlar va xizmatlar kapital bozorining muhim tarkibiy qismi sifatida investitsion jozibadorlikni oshirish, moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda barqaror iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.

Shu nuqtayi nazardan, “IFN Uzbekistan Forum 2026” forumi moliya sektori vakillari, xalqaro tashkilotlar, banklar hamda soha ekspertlari o‘rtasida ochiq muloqot o‘tkazish uchun muhim maydonga aylandi. Tadbir doirasida ishtirokchilar O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasida islomiy moliyani rivojlantirishning dolzarb tendensiyalari hamda istiqbollarini muhokama qildilar.

Forum davomida O‘zRVB mutaxassislari islomiy moliya va kapital bozorlarini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tajriba bilan tanishdilar, xorijiy ekspertlar va moliya institutlari vakillari bilan fikr almashdilar, shuningdek, hamkorlikni rivojlantirish hamda zamonaviy moliyaviy yechimlarni joriy etishning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildilar.

O‘zRVB uchun bunday xalqaro tadbirlarda ishtirok etish birja bozorini yanada rivojlantirish hamda zamonaviy jahon amaliyotlarini o‘rganish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyatga ega. Birja o‘z professional salohiyatini izchil oshirib borish bilan birga, zamonaviy moliyaviy infratuzilmani shakllantirayotgan global tendensiyalarni chuqur o‘rganishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Yangiliklarni baham ko'ring

Matbuot markazining aloqalari

Butun matnni nusxalash