Valyuta kurslari:

O‘zRVBda ochilish auksioni kursi:

1 USD = UZS ()


15.05.2026

Talabalar bilan muloqotdan strategik hamkorlik sari: O‘zRVB TDIUdagi “Karyera kuni”da

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida talabalar, o‘qituvchilar va mamlakatning yetakchi tashkilotlari vakillarini birlashtirgan “Karyera kuni” mehnat yarmarkasi o‘tkazildi.
Ushbu tadbirda O‘zbekiston respublika valyuta birjasi vakillari ishtirok etib, talabalarga birja faoliyati, moliya bozoridagi zamonaviy tendensiyalar hamda kasbiy rivojlanish imkoniyatlari to‘g‘risida so‘zlab berdilar.

Yarmarka davomida O‘zRVB stendi tadbir ishtirokchilari e’tiborini tortgan eng faol maydonlardan biri bo‘ldi. Talabalar birja faoliyatining amaliy jihatlari, moliya sektorida bugungi kunda talab etilayotgan kasbiy ko‘nikmalar, shuningdek, stajirovka o‘tash va moliya sohasida karyerani shakllantirish imkoniyatlari yuzasidan qiziqish bildirdilar. 

Jonli suhbat odatiy tanishuv bilan cheklanib qolmasdan, amaliy tajriba va kasbiy rivojlanish masalalariga bag‘ishlangan faol muloqotga aylandi. Ishtirokchilar birja amaliyotidagi real holatlar, mutaxassislarning ish jarayoni hamda universitet davrida kasbiy faoliyatni boshlash yo‘llari bilan qiziqdilar. 

Tadbirda ishtirok etishning muhim natijalaridan biri O‘zbekiston respublika valyuta birjasi va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumning imzolanishi bo‘ldi. 

Memorandum doirasida O‘zRVB ekspertlari ishtirokida seminarlar, konferensiyalar va ixtisoslashtirilgan ma’ruzalar o‘tkazishdan tortib, ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirishgacha bo‘lgan qo‘shma ta’lim va amaliyotga yo‘naltirilgan tashabbuslarni rivojlantirish nazarda tutilgan. Shuningdek, hamkorlik doirasida talabalar bilan doimiy muloqot va amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maydoni sifatida universitet bazasida “O‘zRVB ofisi”ni tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Memorandumning imzolanishi ta’lim jarayonini amaliyot bilan yanada yaqinlashtirish, shuningdek, moliya bozorining zamonaviy talablari va real ish jarayonlarini chuqur anglaydigan yangi avlod kadrlarini tayyorlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Yangiliklarni baham ko'ring

Matbuot markazining aloqalari

Butun matnni nusxalash