Valyuta kurslari:
O‘zRVBda ochilish auksioni kursi:
1 USD = UZS ()
22.04.2026
O‘zRVB ISO 9001:2015 xalqaro standartiga muvofiqligini tasdiqladi
O‘zbekiston respublika valyuta birjasi (O‘zRVB) qayta sertifikatlashtirish auditidan muvaffaqiyatli o‘tib, sifat menejmenti tizimining ISO 9001:2015 xalqaro va milliy standarti talablariga mos kelishini tasdiqladi.
Tegishli sertifikat birjada asosiy biznes-jarayonlarni qamrab olgan, tavakkalchiliklarni kamaytirish, operatsion samaradorlikni oshirish hamda xizmatlar sifatining uzluksizligini ta’minlashga qaratilgan sifatni boshqarish tizimi muvaffaqiyatli joriy etilganini va samarali faoliyat yuritayotganini tasdiqlaydi.
Birja infratuzilmasi uchun ISO 9001:2015 talablariga muvofiqlik amaliy ahamiyat kasb etadi. Ushbu standart jarayonlarni tashkil etishga tizimli yondashuvni, operatsiyalarning shaffofligini va ularni nazorat qilish imkoniyatini ta’minlaydi. Bu esa, o‘z navbatida, birja faoliyatining barqarorligiga hamda bozor ishtirokchilari – banklar, brokerlik tashkilotlari va investorlarning ishonch darajasiga bevosita ta’sir qiladi.
O‘zRVBda sifat menejmenti tizimi doirasida asosiy jarayonlar, jumladan savdolarni o‘tkazish, kliring va hisob-kitob amaliyotlari, shuningdek, mijozlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish tartibga solingan. Bu operatsion risklarni imkon qadar kamaytirish, inson omili ta’sirini pasaytirish va birja tizimi faoliyatining ishonchliligini oshirish imkonini beradi.
Mazkur standart doirasida riskka yo‘naltirilgan yondashuv asosiy tamoyil sifatida belgilangan bo‘lib, u operatsion, hisob-kitob va axborot texnologiyalari bilan bog‘liq xatarlarni o‘z vaqtida aniqlash hamda samarali boshqarishni nazarda tutadi. Bu esa moliyaviy infratuzilmaning barqaror faoliyatini ta’minlashda asosiy omil hisoblanadi..
ISO 9001:2015 tamoyillarini qo‘llash jarayonlarni optimallashtirish, nosozliklarni kamaytirish va takroriy operatsiyalarni bartaraf etish hisobiga operatsion samaradorlikni oshirishga ham hissa qo‘shadi, bu esa birja operatsiyalarini tezkor va ishonchli o‘tkazishni ta’minlaydi.
Xalqaro standartlarga muvofiqlikning rasman tasdiqlanishi O‘zRVBning regulyatorlar va hamkorlar bilan o‘zaro hamkorligidagi mavqeini mustahkamlaydi hamda ichki nazorat tizimining samaradorligi va boshqaruv tizimining yetukligini aks ettiradi.
O‘zRVB o‘z faoliyatida shaffoflik, ishonchlilik va uzluksiz takomillashtirish tamoyillarini ta’minlaydi hamda sifat menejmenti tizimini rivojlantirishni institutsional rivojlanishning ajralmas elementi sifatida ko‘radi.





