Valyuta kurslari:
O‘zRVBda ochilish auksioni kursi:
1 USD = UZS ()
13.09.2024
O‘zRVB O‘zbekiston kapital bozori bo‘yicha VI xalqaro konferensiyada ishtirok etdi
O‘zRVB vakillari Bosh direktori Rashid Usmonov boshchiligida “O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozori” VI xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zRVB Bosh direktori “O‘zbekiston moliya bozori: tartibga solish” bo‘limida taqdimot bilan qatnashdi. O‘z ma’ruzasida u O‘zRVB faoliyati to‘g‘risida qisqacha to‘xtalib, O‘zRVB bozorlarini tartibga solish masalalarini batafsil yoritdi va so‘nggi yillarda erishilgan yutuqlar haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, konferensiya qatnashchilariga birja infratuzilmasini takomillashtirish, O‘zRVBda birja instrumentlari va texnologik mahsulotlar turlarini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda O‘zRVB istiqbolli rivojlanishining asosiy yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi.
Ushbu an’anaviy tadbir ko‘plab dolzarb masalalar, jumladan, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda kapital bozorining roli, bozorni tartibga solish masalalari, mahalliy va xalqaro investorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, muqobil investitsiya instrumentlari, islom moliyasini rivojlantirish va boshqa shu kabi ko‘plab masalalarni muhokama qilish va tajriba almashish uchun muhim platformaga aylandi.

Konferensiya doirasida O‘zRVB vakillari bir qator xorijiy moliya muassasalari, investitsiya kompaniyalari va jamg‘armalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, birja infratuzilmasini yanada rivojlantirish, shuningdek, birja bozorlariga xorijiy investorlarni jalb qilish maqsadida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashdi.
Bu kabi tadbirlar O‘zbekiston kapital bozoriga e’tiborni jalb qilishda, ilg‘or tajriba almashishda va eng yaxshi amaliyotlarni qo‘llashda muhim rol o‘ynaydi. Ushbu sohani yanada rivojlantirish, investitsiya muhitini yaxshilash va mamlakatimizning ham mahalliy, ham xorijiy investorlar uchun jozibadorligini oshirishga zamin yaratadi.
Anjuman ishtirokchilari bo‘lib o‘tgan muhokamalarda bildirilgan g‘oya va takliflar O‘zbekiston kapital bozorini faol rivojlantirish va uning xalqaro maydondagi mavqeini oshirishga asos bo‘lishiga ishonch bildirdilar.





