Valyuta kurslari:

O‘zRVBda ochilish auksioni kursi:

1 USD = UZS ()


23.04.2024

O‘zRVBning 2023 yildagi faoliyati yakunlari bo‘yicha brifing

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zRVB Jamoatchilik bilan aloqalar va marketing bo‘limi boshlig‘i Gulshan Asanovaning brifingi bo‘lib o‘tdi.

Brifing matni bilan quyida tanishishngiz mumkin.

2023 yil O‘zRVB uchun jadal rivojlanish va muhim yutuqlar yili bo‘ldi. Keling, ularni birma-bir ko‘rib chiqamiz.

Bugungi kunda O‘zRVBda to‘rtta birja bozori faoliyat yuritadi. Bular: valyuta, pul, davlat qimmatli qog‘ozlari va derivativlar bozorlaridir.

Hozirgi kunda O‘zRVB aʼzolari 35 ta tijorat banki va 6 ta brokerlik kompaniyasidan iborat.

Bugungi kunda O‘zRVB infrastrukturasi savdo platformalari, hisob-kitob kliring va depozitar tizimlarini qamrab olgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-291-sonli “Kapital bozorini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan O‘zRVB taʼsischiligida “Milliy kliring markazi” AJ tashkil etilishi hisobiga birja infratuzilmasi yana-da kengaydi.

Bundan tashqari, O‘zRVB depozitar tizimida chet el nominal saqlovchilarning hisobvaraqlari, shaxsiy hisobvaraqlar va omnibus-hisobvaraqlarini ochish uchun sharoitlar yaratilgan. Bu bilan davlat qimmatli qog‘ozlari savdolarida, shu jumladan REPO operatsiyalarida chet el nominal saqlovchilarning ishtirok etishi imkoniyati taʼminlanadi.

2023 yilda O‘zRVB savdolarining umumiy hajmi 2022 yilga nisbatan qariyb 42 foizga oshib, 999,5 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu tahminan 81 milliard AQSH dollariga teng bo‘lib, birja tarixidagi rekord ko‘rsatkich bo‘ldi.

O‘zRVB bozorlarining umumiy savdo hajmidagi ulushi quyidagicha:

➡️ pul bozori – 48,31%

➡️ valyuta bozori - 45,83%

➡️ qarz bozori – 5,86% ni tashkil qiladi.

Yuqoridagi o‘sish bir qator omillar hisobiga taʼminlandi, masalan:

davlat obligatsiyalari bozoriga qaraydigan bo‘lsak:

xorijiy investorlar, shu jumladan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, ICBC va shu kabi yirik investorlar davlat qimmatli qog‘ozlarini sotib olish bo‘yicha bitimlar tuzishni boshladi;

qimmatli qog‘ozlar bozorida birlamchi dilerlar faoliyati joriy etildi. Ular bir vaqtning o‘zida market-meyker sifatida ham faoliyat yuritib, ikkilamchi bozor likvidligini taʼminlaydi;

O‘zRVBda inflyatsiyaga bog‘langan va infratuzilmani rivojlantirish uchun maqsadli moliyalashtirish bo‘yicha muomala muddati 10 yil bo‘lgan uzoq muddatli davlat qimmatli qog‘ozlarining savdosi tashkil etildi;

Davlat obligatsiyalari birlamchi savdolari natijalari bo‘yicha hisob-kitoblar T+0, T+1 va T+2 rejimida amalga oshirilishi uchun sharoitlar yaratildi.

REPO bozori bo‘yicha gapiradigan bo‘lsam:

Markaziy Bank REPO auksionlarini o‘tkazishda bozor narxini qo‘llash va diskont amaliyoti joriy etildi. Shu bilan birga dilerlararo REPO operatsiyalari uchun ham bozor narxini qo‘llash imkoniyati yaratildi;

banklararo pul va REPO bozorlarida operatsiyalarni o‘tkazish vaqti uzaytirildi. Yaʼni, bank to‘lov kuni yopilgandan so‘ng, qo‘shimcha ravishda yana 30 daqiqa ichida savdo qilish mumkin bo‘ldi;

Markaziy bank boshqaruvi qaroriga muvofiq, pul bozoridagi operatsiyalari, shu jumladan, REPO va kredit operatsiyalari bo‘yicha garov taʼminoti uchun 5% diskont amaliyoti joriy etildi;

REPO operatsiyalari bo‘yicha “one click” tizimi ishga tushirilib, natijada ushbu bitimlar bo‘yicha hisob-kitoblar vaqti optimallashtirildi;

Derivativlar bozorida muddati 1, 2, 3, 6, 9 va 12 oy bo‘lgan fyuchers shartnomalari savdosi tashkil etildi. Bunda bazaviy aktiv bo‘lib AQSH dollarining so‘mga nisbatan kursi hisoblanadi.

2024 yilda O‘zRVBning rejalari quyidagilardan iborat:

  • birja infratuzilmasini rivojlantirish;
  • xorijiy investorlarni jalb qilish uchun sharoitlarni yana-da takomillashtirish;
  • sug‘urta kompaniyalari, pensiya jamg‘armalari va boshqa yirik korporativ yuridik shaxslar orqali DQQ bozorining ishtirokchilari sonini oshirish;
  • jozibador moliyaviy instrumentlarni joriy qilish orqali savdo instrumentlar qatorini yana-da kengaytirish.

Yangiliklarni baham ko'ring

Matbuot markazining aloqalari

Butun matnni nusxalash