Valyuta kurslari:
O‘zRVBda ochilish auksioni kursi:
1 USD = UZS ()
19.07.2024
O‘zRVBning 2024-yil 1-yarim yillikdagi faoliyati yakunlari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zRVB Jamoatchilik bilan aloqalar va marketing bo‘limi boshlig‘i Gulshan Asanovaning brifingi bo‘lib o‘tdi.
Brifing matni bilan quyida tanishishngiz mumkin.
2024-yilning 1-yarim yilligi O‘zbekiston respublika valyuta birjasida muhim yutuqlar va ijobiy o‘zgarishlar davri bo‘ldi. Biz mamlakat moliya bozorida o‘z mavqeimizni mustahkamlash, shuningdek, platformalarimizdagi operatsiyalarning shaffofligi va samaradorligini oshirish ustida ish olib bordik.
Bugungi kunda O‘zRVB aʼzolari tarkibiga 36 ta bank va 6 ta brokerlik kompaniyasi kiradi.
2024-yil dastlabki olti oyida bozorlarimizdagi savdolarning umumiy hajmi o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 10,70 foizga o‘sib, 548,41 trln. so‘mni tashkil etdi, bu birja ishtirokchilarining faolligi va bozorlarimizga bo‘lgan ishonchning oshganidan dalolat beradi.
O‘zRVB bozorlarining umumiy savdo hajmidagi ulushi quyidagicha:
pul bozori — 55,46 foiz;
valyuta bozori — 39,71 foiz;
qarz bozori — 4.83 foiz.
Keling, ushbu ko‘rsatkichlarni batafsil ko‘rib chiqamiz.
O‘zRVB pul bozori bir kundan bir yilgacha bo‘lgan muddatga pul mablag‘larini joylashtirish/jalb qilish bo‘yicha banklararo depozit operatsiyalari, Markaziy bankning tijorat banklari bilan depozit auksionlari, REPO operatsiyalari, shuningdek valyutaviy svop operatsiyalaridan tashkil topgan.
2024-yil yanvar-iyun oylarida pul bozoridagi savdolarning umumiy hajmi 304,16 trln. so‘mni tashkil etib, 2023-yilgi mos ko‘rsatkichiga (237,57 trln. so‘m) nisbatan 28,03%ga oshdi.
Hisobot davrida banklararo depozit bozorida 141,77 trln. so‘m miqdorida bitimlar tuzildi. Joylashtirish/jalb qilish muddati bir haftagacha bo‘lgan depozit operatsiyalar ulushi bozordagi umumiy hajmning 89,85 foizini yoki 127,38 trln. so‘mni tashkil etdi. Ulardan bir kunlik bitimlar 76,86 trln.so‘mga yoki umumiy hajmning 54,21 foiziga teng bo‘ldi.
Bir haftadan ortiq muddatga (8 kundan 365 kungacha) tuzilgan bitimlar hajmi 14,38 trln. so‘m yoki umumiy hajmning 10,15 foizini tashkil etdi.
Hisobot davr mobaynida Markaziy bankning depozit auksionlarida tuzilgan bitimlar hajmi 39,16 trln. so‘mni tashkil etgan bo‘lib, bitimlar bo‘yicha daromadlilik Markaziy bankning asosiy stavkasi darajasida belgilandi.
Shuningdek, joriy yilning 1-yarim yilligi yakunlari bo‘yicha 104,85 trln. miqdorida dilerlararo REPO bitimlari tuzilgan bo‘lib, umumiy hajmi 18,10 trln. so‘mlik (7 kunlik muddatga) Markaziy bankning REPO auksionlari (likvidlikni taʼminlash bo‘yicha) o‘tkazildi.
Dilerlararo REPO bitimlarining aksariyati yoki umumiy hajmning 98,73 foizi (103,51 trln. so‘m) yetti kungacha bo‘lgan muddatga tuzilgan. Bir haftadan ortiq muddatga (14, 21, 30, 60 kun) tuzilgan bitimlar umumiy hajmning 1,27 foizini yoki 1,34 trln. so‘mni tashkil etdi.
Valyuta bozori O‘zRVBning asosiy segmentlaridan biri hisoblanadi. Ushbu bozorda USD/UZS, EUR/UZS, RUB/UZS va CNY/UZS valyuta juftliklarida savdolar tashkil etilgan.
Hisobot davrida valyuta bozoridagi savdolarning umumiy hajmi 217,78 trln. so‘mni tashkil etdi.
O‘zRVBning qarz bozorida investorlar uchun taqdim etilayotgan qulay sharoitlar sababli davlat qimmatli qog‘ozlariga doimiy talab mavjud.
Mazkur bozorda Iqtisodiyot va moliya vazirligining obligatsiyalari va majburiyatlari, shuningdek Markaziy bankning obligatsiyalarini joylashtirish bo‘yicha birlamchi auktsionlar va ikkilamchi savdolar tashkil etilgan.
Joriy yilning o‘tgan olti oy natijalariga ko‘ra DQQ bozoridagi savdolar umumiy hajmi 26,48 trln. so‘mga teng bo‘ldi.
Mazkur davrda birlamchi bozorda 18,27 trln. so‘mlik davlat qimmatli qog‘ozlari joylashtirildi.
Birlamchi savdolar tarkibida Iqtisodiyot va moliya vazirligining DQQni joylashtirish hajmlari ijobiy dinamikasi kuzatildi va hisobot davrida savdolar hajmi 16,80 trln.so‘mni tashkil etib, 2023-yilgi mos ko‘rsatkichga (14,93 trln. so‘m) nisbatan 12,48 foizga ko‘paydi.
2024-yil 1-yarim yilligida birlamchi savdolar natijalariga ko‘ra, muomala davri bir yilgacha bo‘lgan qisqa muddatli DQQ bo‘yicha o‘rtacha tortilgan daromadlilik 15,97 - 17,00 foiz oralig‘ida o‘zgarib turdi.
Hisobot davrida DQQning ikkilamchi bozoridagi savdolar hajmi 8,21 trln. so‘mni tashkil etib, 2023 yilgi mos ko‘rsatkichga (5,56 trln. so‘m) nisbatan 47,70 foizga oshdi.
2024-yilning ikkinchi yarmida instrumentlar qatorini kengaytirish hamda texnologik infratuzilmani yanada takomillashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirishni rejalashtirmoqdamiz.





