Valyuta kurslari:

O‘zRVBda ochilish auksioni kursi:

1 USD = UZS ()


18.08.2023

O‘zbekiston Respublikasi valyuta birjasi va Qozog‘iston fond birjasi o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi

2021-yil 28-sentyabr kuni Toshkent shahrida Qozog‘iston fond birjasi (KASE) tomonidan O‘zbekiston Respublikasi valyuta birjasi (O‘zRVB) ko‘magida “KASE day in Tashkent” tadbiri tashkil etildi.

Tadbir davomida ikki davlat fond bozorining professional ishtirokchilari o‘rtasidagi hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilinib, O‘zbekiston birja bozori ishtirokchilari Qozog‘iston birja bozorining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari, KASE moliyaviy instrumentlari va xizmatlari, Qozog‘iston fond bozorida O‘zbekiston kompaniyalari uchun kapitalni jalb qilish shartlari va investitsiya salohiyati bilan tanishdilar.

Tadbirda, globallashuv jarayonlari hamda integratsion jarayonlarni faollashuvi ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash zarurligini kuchaytirayotganligi hamda Qozog‘iston va O‘zbekiston savdo qatnashchilari va investorlariga ikki mamlakat birja bozorlarida o‘zaro qatnashish uchun shart-sharoitlar yaratish hamkorlikning ustuvor vazifalaridan biri ekanligi taʼkidlandi.

“KASE day in Tashkent” doirasida O‘zRVB va KASE o‘rtasida Hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi. Rasmiy imzolash marosimida O‘zRVB Bosh direktori Rashid Usmonov va KASE Boshqaruvi Raisi o‘rinbosari Yermek Majekenov ishtirok etdi.

Memorandumda hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlash, birja savdosi orqali tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish sohasida tajriba almashish, birja mahsulotlari va xizmatlarini ommalashtirishga ko‘maklashish, shuningdek, birja savdolari ishtirokchilari doirasini kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Memorandumga muvofiq birja instrumentlarini qo‘llash va birja savdo texnologiyalarini rivojlantirish, birjalarning elektron tizimlari orqali axborot texnologiyalari infratuzilmasini takomillashtirish, shuningdek, ikki mamlakat birja bozorlarining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari haqida maʼlumot almashish bo‘yicha tajriba orttirish rejalashtirilgan.

Hamkorlik doirasida birja savdosi instrumentlarini qo‘llash masalalari bo‘yicha qo‘shma konferensiyalar va o‘quv seminarlari, stajirovkalar, davra suhbatlari, onlayn uchrashuvlar va boshqalarni tashkil etish orqali xodimlar malakasini oshirish sohasida tajriba almashish ham ko‘zda tutilgan.

Yangiliklarni baham ko'ring

Matbuot markazining aloqalari

Butun matnni nusxalash