Valyuta kurslari:
O‘zRVBda ochilish auksioni kursi:
1 USD = UZS ()
13.11.2024
Komissiyalarning pasayishi, shartlarning optimallashtirilishi va moslashuvchan operatsiyalar tizimi. O‘zRVBda qanday o‘zgarishlar ro‘y berdi?
O‘zbekiston respublika valyuta birjasi (O‘zRVB) savdo ishtirokchilari uchun yanada qulay sharoitlar yaratish orqali O‘zbekiston kapital bozorini rivojlantirishni davom ettirmoqda. Birja 2024-2028-yillarga mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasi doirasida davlat qimmatli qog‘ozlari va valyuta bozori instrumentlari bilan amalga oshiriladigan operatsiyalar bo‘yicha vositachilik mukofotini undirish tartibini qayta ko‘rib chiqdi. Natijada, savdo ishtirokchilarining xarajatlarini optimallashtirish va bozor likvidliligini oshirishga qaratilgan bir qator o‘zgartirishlar kiritildi.

Tariflarni optimallashtirish natijasida valyutaviy svop operatsiyalari bo‘yicha vositachilik mukofoti sezilarli darajada - bitim summasining 0,01 foizdan 0,0008 foizgacha pasaydi. Ushbu o‘zgarish valyuta instrumentlari bilan savdo qilishda yanada qulay sharoitlar yaratish va savdo ishtirokchilari faolligini rag‘batlantirishga qaratilgan.
Davlat qimmatli qog‘ozlari bozorida yangi tariflar
Tarif islohotining muhim tomonlaridan biri O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan chiqariladigan davlat qimmatli qog‘ozlari (DQQ) bilan operatsiyalar uchun moslashuvchan tariflar tizimi bo‘ldi. Endi dilerlar birlamchi bozorda savdo qilish uchun savdo hajmlari va strategiyalariga mos keluvchi uchta tarif rejasidan birini tanlash imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Shunisi e’tiborga loyiqki, tarif rejalarida bazaviy stavka ham, ikkilamchi bozorda va dilerlararo REPO bozorida savdo ishtirokchilarining faolligini rag‘batlantiruvchi vositachilik mukofotining “pasaytiruvchi” stavkasi ham nazarda tutiladi. Eslatib o‘tamiz, tarif siyosati isloh qilingunga qadar birlamchi bozor (auksion)da vositachilik mukofoti miqdori bitim summasining 0,02 foizini, ikkilamchi bozorda esa 0,015 foizini tashkil etgan:
BASIC: auksion savdolarida bazaviy vositachilik mukofoti tuzilgan bitim summasidan 0,0012 foizni tashkil qiladi. Diler tomonidan ikkilamchi bozorda tuzilgan bitimlarning minimal hajmi 750 mlrd. so‘mga va dilerlararo REPO bozorida bitimlar hajmi 4 trln. so‘mga yetganda, keyingi kalendar oyi davomida auksionlarda vositachilik mukofoti 0,0006 foizgacha pasaytiriladi.
PRO: bazaviy vositachilik mukofoti - BHMning 1,1 baravariga teng bir martalik to‘lovni amalga oshirgan holda tuzilgan bitim summasining 0,0009 foizini tashkil etadi. Diler tomonidan bir oy davomida ikkilamchi bozorda tuzilgan bitimlarning minimal hajmi 850 mlrd. so‘mga va dilerlararo REPO bozorida bitimlar hajmi 6 trln. so‘mga yetganda, keyingi kalendar oyi davomida auksionlarda vositachilik mukofoti 0,00045 foizgacha pasaytiriladi.
MAX: bazaviy vositachilik mukofoti - BHMning 2,5 baravariga teng bir martalik to‘lovni amalga oshirgan holda tuzilgan bitim summasining 0,0007 foizini tashkil etadi. Diler tomonidan bir oy davomida ikkilamchi bozorda tuzilgan bitimlarning minimal hajmi 1 trln. so‘mga va dilerlararo REPO bozorida bitimlar hajmi 8 trln. so‘mga yetganda, keyingi kalendar oyi davomida auksionlarda vositachilik mukofoti 0,00035 foizgacha pasaytiriladi.

Bundan tashqari, Markaziy bank obligatsiyalari bilan operatsiyalar uchun vositachilik mukofotini hisoblash tartibi o‘zgardi. Endilikda Markaziy bank obligatsiyalarini joylashtirish bo‘yicha auksionlarda vositachilik mukofoti miqdori bitim summasidan 0,02 foiz o‘rniga 0,0012 foizni, ikkilamchi bozorda esa 0,015 foiz o‘rniga 0,0075 foizni tashkil etadi. Ushbu o‘zgarishlar O‘zRVBning qulay va moslashuvchan shartlarni taklif qilish orqali savdo ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlashga intilishini namoyish etadi.
Yangi tizimning afzalliklari
Ushbu moslashuvchan tarif tizimi dilerlarga bir qator afzalliklarni taqdim etadi:
Tanlov: har bir savdo ishtirokchisi o‘z strategiyasi va savdo hajmiga mos keluvchi rejani tanlash imkoniyatiga ega.
Xarajatlar kamayishi: savdolar hajmi oshishi holatida yangi tizim komissiya xarajatlarini optimallashtirish imkonini beradi.
Faollikni rag‘batlantirish: yangilangan shartlar dilerlarni, shuningdek, ularning investorlarini faol jalb qilish va DQQ bozorini kengaytirishga qaratilgan.
Ikkilamchi bozorda DQQ operatsiyalari uchun vositachilik mukofoti miqdorining o‘zgarishi: hisob-kitoblarga yangicha yondashuv
Ikkilamchi bozorda DQQ sotib oluvchi dilerlar uchun vositachilik mukofoti tarkibiga DQQ so‘ndirilgunga qadar muddatni hisobga oluvchi o‘zgartirishlar kiritildi. Yangi yondashuv dilerlarning xarajatlarini kamaytirishga imkon beradi hamda DQQ so‘ndirilgunga qadar muddatdan kelib chiqib moslashuvchan shartlar taqdim etadi va savdolarda faol ishtirok etishni rag‘batlantiradi.
Agar so‘ndirish muddatiga qadar 200 kundan kam muddat qolgan bo‘lsa, vositachilik mukofoti minimal bo‘ladi va so‘ndirish muddatigacha qolgan kunlar va bitim summasidan kelib chiqib hisoblanadi. Bu holda vositachilik mukofotining maksimal miqdori, hatto katta hajmlarda ham, bitim summasining 0,0075 foizidan oshmaydi.
Agar so‘ndirish muddatiga qadar 200 va undan ortiq kun qolgan bo‘lsa, vositachilik mukofoti bitim summasining qat’iy belgilangan 0,0075 foizni tashkil qiladi.

Rashid Usmanov, O‘zRVB bosh direktori:
Yangi tariflarning joriy etilishi O‘zRVBning xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy, samarali va raqobatbardosh savdo maydonchasini yaratishga intilishini namoyish etadi. Yangi qoidalar birjadagi savdolarni yanada shaffof, qulay va barcha bozor ishtirokchilari uchun foydali qilish, shu bilan birjaning O‘zbekiston moliya bozorida, shuningdek xalqaro bozorda mavqeini mustahkamlashga qaratilgan.
O‘zRVB O‘zbekiston kapital bozorini rivojlantirish bo‘yicha o‘z missiyasini davom ettirib, dilerlarni qo‘llab-quvvatlamoqda va samarali faoliyat yuritishlari uchun moslashuvchan sharoitlarni taqdim etmoqda. Ishonchim komilki, ushbu o‘zgarishlar savdolarda faol qatnashish uchun qo‘shimcha stimul bo‘lib, mamlakat birja bozori likvidliligi va samaradorligini oshirishga yordam beradi.





