Valyuta kurslari:

O‘zRVBda ochilish auksioni kursi:

1 USD = UZS ()


02.12.2024

Yangi imkoniyatlar va moslashuvchan sharoitlar: O‘zRVBdagi asosiy o‘zgarishlar

O‘zbekiston respublika valyuta birjasi (O‘zRVB) 2024-2028-yillarga mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasi doirasida bir qator yangiliklar joriy etdi. Ushbu o‘zgarishlar valyuta spot-bozori va REPO operatsiyalari bozoriga taaluqli bo‘lib, savdo ishtirokchilariga yangi instrumentlar va yanada moslashuvchan sharoitlarini taklif etmoqda. Yangiliklardan ko‘zlangan maqsad — bitimlarni tuzish samaradorligini oshirish, ishtirokchilar uchun imkoniyatlarni kengaytirish va tizimni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish.

Valyuta spot bozoridagi o‘zgarishlar

Yangi EUR/UZS_TOD instrumenti

Savdosi yakuni bo‘yicha kliring jarayoni bir ish kunida amalga oshiriladigan yevro/o‘zbek so‘mi juftligi bo‘yicha yangi instrument joriy etildi. Ya’ni, savdo ishtirokchilari avval valyutani sotib olishlari va savdo kuni yakunida, hisob-kitob sessiyasi davomida bitim bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirishlari mumkin bo‘ldi. Savdolar soat 10:30dan 15:00gacha davom etadi, hisob-kitoblar esa 16:00gacha yakunlanadi. Bu savdo ishtirokchilari uchun moliyaviy aktivlarni boshqarishning tezkorligi va qulayligini ta’minlaydi.

RUB/UZS_TOD instrumenti savdosi bilan bog‘liq o‘zgarishlar

Endilikda dilerlar savdo tizimiga buyurtma kiritishdan oldin rubldagi mablag‘larni O‘zRVB hisobvarag‘iga o‘tkazishlari lozim. Ushbu o‘zgarish operatsiyalar samaradorligini oshirishga qaratilgan.

Mazkur yangilik savdo ishtirokchilariga bitimlarni tez va qulay tarzda amalga oshirishga, likvidlikni boshqarishga va xarajatlarni kamaytirishga ko‘maklashadi hamda birja savdo jarayonining barqarorligini oshiradi.

Davlat qimmatli qog‘ozlari bilan REPO bitimlarini tuzish qoidalariga o‘zgartirishlar

REPO bozorida bir necha muhim o‘zgarishlar ro‘y berdi:

  1. Xalqaro standartlariga asosan hisob-kitoblar

Qayta sotib olish qiymatini (bitimning ikkinchi qismi) hisoblash formulasi eng ilg‘or jahon amaliyotiga moslashtirildi. Hisob-kitoblar diskontlash stavkasini hisobga olgan holda REPO summasiga asoslanadi, bu esa savdo ishtirokchilarining pul mablag‘larini o‘z vaqtida va to‘liq qaytarmaslik bilan bog‘liq xavf-xatarlarini kamaytiradi.

  1. Tizimdan tashqari bitimlar uchun quyidagi moslashuvchan shartlar taqdim etildi:

muddati 1 kundan 365 kungacha bo‘lgan, shuningdek kunlik REPO bitimlarini tuzish imkoniyati;

0 % dan 30% gacha bo‘lgan diskont stavkasini qo‘llash imkoniyati;

tomonlar kelishuviga ko‘ra manfiy, musbat yoki nolga teng REPO stavkalarini qo‘llash imkoniyati (ushbu o‘zgarish natijasida savdo ishtirokchilari REPO operatsiyalari orqali nafaqat pul mablag‘larini jalb qilish, balki DQQni sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar).

Bitimning ikkinchi qismini ijro etish tugallanish sanasi soat 11:30 da amalga oshiriladi.

Ushbu o‘zgarishlar savdo ishtirokchilariga likvidlikni boshqarish va operatsiyalarni joriy bozor sharoitlariga moslashtirish uchun kengroq imkoniyatlar yaratadi.

REPO bitimi - bir tomonning qimmatli qog‘ozlarni boshqa tomonga ularni ma’lum muddatdan so‘ng oldindan belgilangan narxda sotib olish majburiyati bilan sotishi bo‘yicha bitim hisoblanadi. Bu likvidlik yoki sarmoya jalb qilishda foydalanadigan qimmatli qog‘ozlar bilan ta’minlangan qisqa muddatli kreditning bir turidir.

  1. Tizim doirasidagi savdolarda tuziladigan bitimlarga oid o‘zgarishlar
  • Savdolar yuqori tezlik va shaffoflikni ta’minlaydigan uzluksiz ikki tomonlama auksion usulida o‘tkaziladi.
  • Bitimlar bo‘yicha 1, 3, 7, 14 kun yoki “kun ichida” standartlashtirilgan REPO muddatlarini qo‘llash imkoniyati;
  • Diskont stavkasi 5% darajasida standartlashtirildi, bu, o‘z navbatida, hisob-kitoblarning barqarorligini ta’minlaydi;
  • Bitimning ikkinchi qismi hisob-kitob kuni soat 11:30da ijro etiladi.
  • Bozor likvidligini oshirish va barqarorligini ta’minlash maqsadida market-meykerlarga qulay sharoitlar yaratildi.

Ushbu yangiliklar REPO bitimlarini tuzish jarayonini shaffof va qulay qiladi, dilerlarga o‘zlarining moliyaviy strategiyalarini optimallashtirish uchun instrumentlarni taqdim etadi.

    Xulosa
    O‘zRVBda joriy etilayotgan yangiliklar moslashuvchan, zamonaviy va samarali moliyaviy tizimni yaratish yo‘lidagi muhim qadamdir. Yangi instrumentlar, yangilangan qoidalar va xalqaro standartlarning joriy etilishi bozor ishtirokchilari uchun qulayliklarni oshirish bilan birga, birjaga bo‘lgan ishonchni orttiradi. Bularning barchasi O‘zbekiston moliyaviy infratuzilmasining faol rivojlanishiga hissa qo‘shadi, savdo ishtirokchilariga aktivlarni samarali boshqarish uchun yangi imkoniyatlarni taqdim etadi.

    Yangiliklarni baham ko'ring

    Matbuot markazining aloqalari

    Butun matnni nusxalash