Valyuta kurslari:

O‘zRVBda ochilish auksioni kursi:

1 USD = UZS ()


24.03.2025

O‘zRVBda savdo hajmlari o‘sishi, REPO, valyuta va derivativlar bozoridagi asosiy o‘zgarishlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zRVB Jamoatchilik bilan aloqalar va marketing bo‘limi boshlig‘i Gulshan Asanovaning brifingi bo‘lib o‘tdi. 

Brifing matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.

2024-yil O‘zbekiston respublika valyuta birjasi (O‘zRVB) uchun sezilarli o‘zgarishlar, jadal rivojlanish va innovatsion mahsulotlarni joriy etish yili bo‘ldi.

O‘zRVBda 4 ta bozor mavjud bo‘lib, bular valyuta, pul, davlat qimmatli qog‘ozlari va derivativlar bozorlari.

Bugungi kunda O‘zRVBga 35 ta tijorat banki, 6 ta brokerlik kompaniyasi va 1 ta xorijiy bank a’zo bo‘lgan.

2024-yilda O‘zRVBdagi savdolarning umumiy hajmi 2023-yilga nisbatan 19,84 foizga ko‘payib, 1 197,79 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu ekvivalentda taxminan 92,82 milliard AQSH dollariga teng. Mazkur rekord ko‘rsatkich birja bozorining likvidligi va investitsion jozibadorligi oshganidan dalolat beradi.

O‘zRVB bozorlarining umumiy savdo hajmidagi ulushi quyidagicha taqsimlangan:

➡️ pul bozori - 55,85%

➡️ valyuta bozori - 38,96%

➡️ qarz bozori - 5,19%

2024-yilda O‘zRVB bozorlarining sezilarli darajada o‘sishiga yangi instrumentlarni joriy etish va savdo mexanizmlarini takomillashtirish orqali erishildi.

REPO bozoridagi asosiy o‘zgarishlar:

Muhim yangiliklar qatorida banklararo operatsion kun yakunlangandan so‘ng REPO bo‘yicha savdolarni qo‘shimcha 30 daqiqaga uzaytirilishi bo‘ldi. Endi bozor ishtirokchilari bitimlarni amalga oshirish uchun ko‘proq imkoniyatlarga ega bo‘lmoqdalar. Bu, ayniqsa, bozordagi yuqori talab sharoitida likvidlikni boshqarish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Xalqaro standartlarga muvofiq REPO bitimlarini nol yoki manfiy foiz stavkasi asosida tuzish imkoniyati ham yaratildi. Bu bozor ishtirokchilariga o‘z aktivlaridan yanada samaraliroq foydalanish va moliyaviy oqimlarni moslashuvchan tarzda boshqarish imkonini beradi.

REPO bitimlarini ikki tomonlama uzluksiz auksion (metching) orqali tuzish imkoniyati taqdim etilishi operatsiyalarning tezligi va qulayligini sezilarli darajada oshirdi. Endilikda buyurtmalar ko‘rsatkchilari mos kelgan holda bitimlar shu zahoti tuziladi va bozor ishtirokchilarining vaqti sezilarli darajada tejaladi.

Shuningdek, Markaziy bankning pul bozoridagi auksionlarining yangi shakli — “ko‘r-ko‘rona” auksionlar (blind auction) joriy etildi. Bunda, savdo ishtirokchilari bir-birlarining buyurtmalarini ko‘ra olmaydi. Bu, o‘z navbatida, bozorda adolatli narx shakllanishiga, manipulyatsiya holatlari ehtimoli pasayishiga va savdo jarayoni yanada raqobatli bo‘lishiga ko‘maklashadi.

Yana bir joriy etilgan yangiliklardan — “davlat qimmatli qog‘ozlari savati” (repo-basket) uchun huquqiy asos yaratilishi bo‘ldi. Ushbu  mexanizm “davlat qimmatli qog‘ozlari (DQQ) savati”dan REPO operatsiyalari ta’minoti sifatida foydalanish imkonini beradi. Ushbu chora moliya muassasalarining likvidlikni boshqarish va xatarlarni kamaytirish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Endilikda REPO bitimlarini tuzishda Markaziy bankning pul bozoridagi operatsiyalari bo‘yicha garov ta’minotiga 5 foizlik diskont amaliyoti joriy etildi. Bu garovdagi aktivlarni yanada samaraliroq boshqarish va bozor ishtirokchilarini qo‘shimcha himoyalash imkonini beradi.

Bundan tashqari, Markaziy bankning valyuta garovi asosidagi kredit auksionlarini joriy etish orqali milliy valyutadagi likvidlik bilan ta’minlash instrumentlari qatori yanada kengaytirildi.

Valyuta bozoridagi asosiy o‘zgarishlar:

Valyuta bozoridagi muhim o‘zgarishlardan biri - bu EUR/UZS va RUB/UZS valyuta juftliklari bo‘yicha savdolarning T+0 hisob-kitob rejimida yo‘lga qo‘yilishi bo‘ldi. Bunda, bitimlar bo‘yicha hisob-kitoblar aynan bitim tuzilgan kunning o‘zida amalga oshiriladi. Bu orqali savdo ishtirokchilari uchun savdo kuni davomida turli instrumentlardan foydalanishlari uchun imkoniyat yaratiladi va operatsiyalar hajmi sezilarli darajada oshishiga erishiladi.

Mazkur rejimning joriy etilishi valyuta bozorini rivojlantirishda muhim qadam bo‘lib, hisob-kitoblarni chet el valyutasida amalga oshiruvchi tadbirkorlar, import va eksport qiluvchilar hamda moliyaviy tashkilotlar uchun yanada qulay sharoitlarni ta’minladi.

Bundan tashqari, T+1 hisob-kitob rejimida USD/UZS, EUR/UZS, CNY/UZS, RUB/UZS juftliklari bo‘yicha tizim doirasidagi savdolar hamda T+0, T+n rejimida EUR/USD, CNY/UZS va KZT/UZS juftliklari bo‘yicha tizimdan tashqaridagi savdolarni tashkil etish uchun sharoitlar yaratildi.

Bu bozor ishtirokchilariga hisob-kitoblarda moslashuvchanlik, likvidlikni samarali boshqarish, xatarlarni kamaytirish imkoniyatlarini va qo‘shimcha savdo strategiyalarini taqdim etadi.

Derivativlar bozoridagi asosiy o‘zgarishlar:

2024-yilda O‘zRVBda bazaviy aktivi AQSH dollarining so‘mga nisbatan Markaziy bank tomonidan belgilanadigan kursi hamda O‘zRVBning savdolar natijalariga ko‘ra shakllanadigan o‘rtacha tortilgan kursi bo‘lgan fyuchers shartnomalari joriy etildi. Ushbu instrumentlar valyuta risklarini xedjirlash va yangi savdo strategiyalarini qo‘llash uchun kengroq imkoniyatlarni yaratadi.

Mazkur bozordagi yana bir muhim o‘zgarish - bu marjinal ta’minoti bo‘yicha talablarning o‘zgartirilishi bo‘ldi. Xususan, ijro muddati 3 oygacha bo‘lgan fyuchers shartnomalari uchun boshlang‘ich marja 5 foizdan 2 foizgacha tushirildi. Ijro muddati 3 oydan ortiq bo‘lgan fyuchers shartnomalari uchun esa boshlang‘ich marja 5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldi.

Shu bilan birga, ijro muddati 3 oygacha bo‘lgan fyuchers shartnomalari uchun saqlab turiladigan marja boshlang‘ich marja majburiyatlarining 50 foizini, ijro muddati 3 oydan ortiq bo‘lgan fyuchers shartnomalari uchun esa marja majburiyatlarining 75 foizini tashkil etdi.

Umuman olganda, 2024-yilda O‘zRVB ishonchli o‘sishni namoyish etib, O‘zbekiston moliya bozorining likvidliligi, shaffofligi va raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan qator strategik yangiliklarni joriy etdi. Ushbu o‘zgarishlar natijasida bozor ishtirokchilari uchun yanada moslashuvchan va samarali shart-sharoitlarni yaratilib, birja infratuzilmasining jadal rivojlanishi ta’minlandi.

Yangiliklarni baham ko'ring

Matbuot markazining aloqalari

Butun matnni nusxalash