Valyuta kurslari:

O‘zRVBda ochilish auksioni kursi:

1 USD = UZS ()


03.11.2023

«One Click»: hisob-kitoblar avtomatlashtirilgan, inson omili mavjud emas

O'zbekiston respublika valyuta birjasi (O'zRVB) ekspertlar jamoasi birja faoliyatidagi o'zaro hisob-kitoblar tizimiga yangicha nazar hisoblanmish “One click” innovatsion loyihasini ishga tushirdi. Ushbu loyiha O'zRVBda birja savdolari ishtirokchilari uchun yangi istiqbollarni ochib beradi va REPO bozorida bitimlar tuzishni ancha osonlashtirib, ularning samaradorligi va shaffofligini oshiradi.


“One click” – davlat qimmatli qog'ozlari (DQQ) REPO bozorida tuzilgan bitimlar bo'yicha to'lov hujjatlarini shakllantirish va yuborish jarayonini avtomatlashtiruvchi unikal tizimdir.

 Ilgari, REPO bozorida bitimlar tuzilgandan so'ng, har bir bitim bo'yicha o'zaro hisob-kitoblarni amalga oshirish jarayoni 1 soatgacha davom etgan bo‘lib, jarayonda kamida 3 kishi ishtirok etgan. Bundan tashqari, savdo ishtirokchilari sotib olingan davlat qimmatli qog'ozlari uchun pul mablag‘larini yuborishdan oldin ko'plab hujjatlarni tayyorlash zaruratiga duch kelishgan.

“One click" tizimi tufayli jarayonlar ancha soddalashtirildi. DQQ xaridorining pul mablag'lari avtomatik ravishda bankning vakillik hisobvarag'idan yechib olinadi va O'zRVB mutaxassislari tomonidan tasdiqlangandan so'ng, sotuvchining hisob raqamiga bir necha daqiqa ichida tushiriladi.

Shunday qilib, bank tomonidan qarorlarni qabul qilish jarayoni osonlashib, bitimlar tuzish tezligi oshadi va pul o'tkazishda xatolar xavfi kamayadi.

Raqamlar ham shundan dalolat beradi – 2023-yilning 1-choragida REPO bozorida 1,87 trillion so'mlik bitimlar tuzilgan bo'lsa, joriy yilning 9 oy yakunlariga ko‘ra REPO bitimlari hajmi 1-chorak ko‘rsatkichlariga nisbatan 24 barobar ko‘payib, 44,86 trillion so'mni tashkil etdi.

“One click” O'zRVBning DQQ bozori infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo'yicha keng ko'lamli loyihasining bir qismi hisoblanadi. Mazkur loyiha doirasida yaqin kelajakda savdo ishtirokchilari uchun yangi savdo imkoniyatlarini, shu jumladan, O'zRVB platformasida standartlashtirilgan muddatlar kesimida REPO savatini joriy etish ko'zda tutilmoqda.

“One click”ning ishga tushirilishi O'zRVB bozorlarining jozibadorligi va raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan. Uning yordamida O'zRVB platformasi savdolarida qatnashish yanada osonroq, tezroq va arzonroq bo'lmoqda.

Yangiliklarni baham ko'ring

Matbuot markazining aloqalari

Butun matnni nusxalash