Valyuta kurslari:
O‘zRVBda ochilish auksioni kursi:
1 USD = UZS ()
14.05.2023
Respublikada ilk bor valyutaviy fyuchers shartnomalari bilan savdolar yo‘lga qo‘yildi
2022 yil 3 oktabr kuni O‘zbekiston respublika valyuta birjasi (O‘zRVB) mutaxassislari tomonidan ilg‘or xorijiy tajriba asosida xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqilgan zamonaviy savdo platformasida valyutaviy fyuchers shartnomalari bo‘yicha savdolar yo‘lga qo‘yildi.
Dastlabki bosqichda, O‘zRVB savdo platformasida bir, ikki va uch oylik hisob-kitobli fyucherslar, ya’ni bitim tuzilgan kundagi spot kursi va bitimning oxirgi kundagi kursi o‘rtasidagi farq to‘lab berilishi belgilangan shartnomalar savdosi joriy etildi. Fyuchers shartnomalari bilan savdolar ikkitomonlama uzluksiz (metching) usulida amalga oshirilishi belgilangan.
Valyutaviy fyuchers shartnomalarini sotib olish yoki sotish uchun shartnoma summasining 5 foizi miqdorini to‘lash kifoya. Vaholanki, fyuchers shartnomasi tomoni kichik miqdordagi to‘lov evaziga shartnoma to‘liq summasiga hisoblangan foydaga ega bo‘lishi mumkin.
Ta’kidlash joizki, valyutaviy fyucherslar savdolari joriy etilishi nafaqat valyuta kursining o‘zgaruvchanligi bilan bog‘liq tashqi va ichki xatarlarni yumshatishga, balki yangi hosilaviy instrumentlar joriy etilishi uchun ham imkoniyat yaratadi.
Valyutaviy fyucherslarni joriy etishdan avval 2021 yil davomida O‘zRVB valyuta bozorida market-meykerlar instituti, Markaziy kontragent faoliyati joriy etilgan bo‘lib, shu bilan birga, O‘zRVB savdo platformasida tuzilgan bitimlar bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishini ta’minlash maqsadida Kafolat jamg‘armasi tashkil etildi.
2022 yil 3 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida bo‘lib o‘tgan taqdimot davomida valyutaviy fyuchers shartnomalari bilan savdolarning yo‘lga qo‘yilishi, O‘zRVBning fyuchers platformasi afzalliklari to‘g‘risida so‘z yuritilgan bo‘lib, tadbir doirasida O‘zRVB savdo platformasida fyuchers shartnomalari bilan test savdolarini amalga oshirish bo‘yicha tanlov g‘oliblariga O‘zRVB tomonidan maxsus sertifikatlar va qimmatbaho sovg‘alar ham taqdim etildi.





